Toshkent hokimi 10 kun ichida asosiy yo‘llardagi chuqurlarni to‘liq bartaraf etish yuzasidan topshiriq berdi. Bunda “shahardagi mavjud barcha texnikalarni” jalb qilish va zarur hollarda kechalari ham ishlash rejalashtirilmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev aholidan ta’mirtalab ko‘chalar suratlarini “Xalq nazorati” portaliga yuborishni so‘radi.
Toshkentning Yunusobod tumani Markaz-5 dahasi aholisi quruvchi bilan kurashda yangi bino qurilishi ko‘zda tutilgan joydagi bolalar maydonchasi va yashil hududni himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Mojaro vaqtida ayrim aholi vakillari va faollar jarohatlandi. Hodisa poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev aralashuvi bilan hal etildi.
Toshkentda Kosmonavtlar maydonini rekonstruksiya qilish ishlari deyarli yakunlanib qoldi. Bu yerdagi granit plitalar almashtirildi va yangi o‘simliklar ekildi. Biroq, san’at va arxitektura tarixchisi Boris Chuxovich «rekonstruktorlar mualliflarning asl badiiy g‘oyalariga yetarlicha e’tibor bermagan va yodgorlikning yaxlitligini buzgan», deb hisoblaydi. U shu kabi ishlarni qilishdan avval aholi va mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.
Prezident 210 gektar maydonda barpo etiladigan «Yangihayot» texnoparki loyihasi bilan tanishar ekan, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitovga yer ajratishlar tanish-bilish orqali bo‘lmaydimi, deya savol berdi. «Faqat auksion orqali», deb javob berishdi ikkala rahbar ham bir ovozda.
Toshkent hokimi oldin ishlagan kompaniyalari Artel va Akfa tomonidan shaharga ko‘rsatilayotgan homiylik yordami haqidagi savollardan charchaganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar ba’zi aktivlarini sotib, mablag‘larni shahardagi loyihalarga homiylik qilishga yo‘naltirmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev qilgan savob ishlari haqida hech kimga aytmaganligini, bu haqida afsuslanishini bildirdi. «3,5 yil ishlagan bo‘lsam, davlatning bir so‘m puliga ham xiyonat qilganim yo‘q», — dedi u.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Kosmonavtlar maydonini «chiroyli qilish uchun» unga 10 kun vaqt berishlarini so‘radi. «O‘n kun sabr qiling. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, meni har qancha ayblashlaringga roziman», — degan shahar hokimi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishlar olib borilishi jarayonida qonunchilik buzilganini tasdiqladi.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning uchta tumani hokimlarini jarimaga tortdi. Tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi reytingidan kelib chiqib, uch nafar hokimga esa ustama belgilandi.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning fikricha, O‘zbekistonda TikTok faoliyatini tarmoqda «keraksiz kontentni» ko‘rganlarning o‘zi cheklagan. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov esa axborot almashinuvi erkinligi tarafdori ekanligini ma’lum qildi. «Hozirgi asrda axborotni hech qachon cheklab, siz uni ustiga o‘tirib, jilovlay olmaysiz» — dedi u.
Prognozlarga ko‘ra, 2025 yilda Toshkent maktablarida 550 ming o‘quvchi tahsil oladi. Besh yil ichida shaharda 30 ta maktab qurish rejalashtirilmoqda, biroq bu sinflarda joy yetishmasligi muammosini hal uchun yetarli emas. Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat har yili 20−30 tadan maktab qura oladigan darajaga yetgunicha vaqtinchalik yechim sifatida bo‘sh binolarni ishbilarmonlardan ijaraga olish ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘afur G‘ulom bog‘ini 49 yilga ijaraga olgan investor o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganini ma’lum qildi. U bog‘ni ijaraga berish masalasi qayta ko‘rib chiqilishini aytdi.
Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumaniga tashrifi chog‘ida jarlar uni ko‘pdan beri qiynab kelayotgan muammo ekanligini ma’lum qildi. Jahongir Ortiqxo‘jayev esa buni hal etish uchun unga 450 mlrd so‘m zarur ekanligini aytgan. «Men bu pulni ertagayoq berishimni bildirdim», — dedi prezident. U shuningdek, jarliklarni yopib, uning o‘rniga daraxt ekish va yo‘l ochish bo‘yicha topshiriq bergan.
“Gazeta.uz” muxbiri Toshkent hokimiga chang-qumli tuman va ekologik muammolar haqida savol berdi. Jahongir Ortiqxo‘jayev esa changning Qozog‘istondan kirib kelganini aytib, provokatsiya qilmaslikni so‘radi. U “Gazeta.uz"ga ekologiya mavzusida tadbir tashkil etishni taklif qildi va buni hokimlik qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev ham chang tashqaridan kelganini aytgan edi.
Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlik orqali shaharni rivojlantirish uchun Toshkent hokimi etib tayinlanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, kelgusi besh yilda shahardagi savdo maydonlari 10 barobarga oshirish, 44 ta yirik savdo va ko‘ngilochar markazlari ishga tushirilishi va “O‘zekspomarkaz” hududida Toshkent xalqaro moliyaviy markazi barpo etilishi rejalashtirilgan.
Toshkent hokimi poytaxtning uch tumani hokimlariga «hayfsan» e’lon qildi. Bunga ularning birinchi yarim yillikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirishga yo‘l qo‘yganliklari sabab bo‘lgan.
Toshkentda yashil hududlar ulushi 26,4 foizni tashkil etib, poytaxtda yashovchi har bir odamga 36 kv. metrdan yashil maydon to‘g‘ri kelmoqda, deya ma’lum qildi Jahongir Ortiqxo‘jayev (2018 yilda 60 kv. m ekani aytilgan edi). Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichni London darajasiga olib chiqish uchun qariyb 1,5 mln tup «sifatli daraxtlar» ekilishi kerak.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev xitoy-o‘zbek vaksinasining ikkinchi komponenti bilan emlandi. «Hamshaharlar o‘zbek-xitoy vaksinasining 2-bosqichini qabul qilib oldim. O‘ylaymanki, bu koronavirusning oldini olishga juda katta yordam beradi», — dedi hokim.
Jahongir Ortiqxo‘jayev Chilonzordagi kovid-markazga borib, bemor va shifokorlar bilan suhbatlashdi. Markazda davolanayotganlarning 65 foizi ayollar ekani, qolaversa, bemorlar orasida vaksina olganlar ham borligi aytildi. Ta’kidlanishicha, vaksina olganlarda kasallik yengil o‘tmoqda, ular 3 kunda davolanib chiqayapti. «Tezda fuqarolarga vaksina qilish kerak. Bo‘lmasa ertaga odamlarni joylashtira olmaymiz», — deydi hokim.
Toshkent byudjetidan davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizliklari) natijasida fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash xarajatlari uchun 5,72 mlrd so‘m ajratiladi. Hokimning qaroriga binoan yetkazilgan zarar sud qarorlari asosida qoplanadi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent hokimidan mahallalarni obodonlashtirish ishlarining sustkashligi sabablarini so‘radi. «To‘g‘risini aytsam, biz siz qo‘yayotgan talab darajasida ishlashga ulgurmay qolyapmiz», dedi Jaxongir Ortiqxo‘jayev va barcha masalalarni 1 oktyabrga qadar hal qilishga va’da berdi. Prezident shoshqaloqlikdan qochish va ish sifatiga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
«Paxtakor» homiylari tomonidan ajratilgan 22 mlrd so‘m hisobidan klubning yig‘ilib qolgan qarzdorliklari yopildi. Endilikda jamoaning moliyaviy hisobotlari, futbolchilar ishlab topadigan mablag‘lar va mukofot pullari klub rasmiy manbalarida e’lon qilib boriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting